15. Adliya va huquqni muhofaza qilish sohasida hamkorlik
15. Adliya va huquqni muhofaza qilish sohasida hamkorlik

Adliya vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik

 TDT Adliya vazirlari birinchi yig‘ilishi 2024-yil sentabr oyida Ostona shahrida bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish chog‘ida tomonlar Ostona deklaratsiyasini imzoladilar, bu esa TDTga a’zo davlatlar o‘rtasida huquq va adliya sohasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Adliya vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash Turk dunyosi istiqboli – 2040ni amalga oshirish bo‘yicha TDTning 2022–2026 strategiyasida belgilangan edi.

Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik

 TDT Ichki ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvi 2024-yil sentabr oyida Cholpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida vazirlar jinoyatchilikka, jumladan, terrorizm, ekstremizm, kiberjinoyatlar, giyohvand moddalar va psixotrop vositalar hamda ularning prekursorlarini noqonuniy ishlab chiqarish va tarqatishga, noqonuniy migratsiyaga, odam savdosiga, migrantlarni noqonuniy olib o‘tishga, a’zolar savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirishga qat’iy tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shuningdek, xavfsizlik, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jinoyatchilarni qidirish sohalarida jinoyat ishlari bo‘yicha ma’lumot almashish masalasida ham fikr almashildi. 

Oliy sudlar konferensiyasi doirasidagi hamkorlik

TDTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar Oliy sudlari raislarining birinchi uchrashuvi Ozarbayjon Respublikasi Oliy sudi tashabbusi bilan 2023-yil oktyabr oyida Shusha shahrida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning Oliy sud raislari tomonidan TDTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar Oliy sudlari konferensiyasini tashkil etish to‘g‘risida Shusha deklaratsiyasi imzolandi.

Konferensiyaning maqsadi TDT mamlakatlari Oliy sudlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, sud tizimi va sud boshqaruvidagi ilg‘or tajriba va g‘oyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Turkiya Respublikasi Kasatsiya sudi tashabbusi bilan TDT Oliy sudlari konferensiyasi 2025-yil 7-may kuni Antaliya shahrida bo‘lib o‘tdi. Konferensiya davomida tomonlar TDT Oliy sudlarining Antaliya nizomini imzoladilar. Ushbu hujjat TDT Oliy sudlari konferensiyasining institutsional mustahkamlovini ta’minlash hamda uning tashkiliy tuzilmasi, faoliyati va ish uslublari bo‘yicha tartib va tamoyillarni belgilaydi.

Bosh prokuratura organlari o‘rtasidagi hamkorlik

TDTga a’zo davlatlar Bosh prokuraturalari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmi 2021-yilda Boku shahrida bo‘lib o‘tgan TDTga a’zo davlatlar Bosh prokurorlarining birinchi uchrashuvi chog‘ida yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur mexanizmning maqsadi — huquqiy yordam so‘rovlariga oid hamkorlik, axborot almashinuvi, qonunchilikdagi o‘zgarishlarga doir qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari, muntazam uchrashuvlar va maslahatlashuvlarni tashkil etishdan iborat.

Bosh prokurorlarning 2-uchrashuvi 2023-yilda Anqarada, 3-uchrashuvi esa 2024-yilda Bishkekda bo‘lib o‘tdi.

Sudyalar Kengashlari o‘rtasidagi hamkorlik

Sudyalar Kengashlarining 1-uchrashuvi 2015-yilda Istanbul shahrida bo‘lib o‘tdi.

Turkiya Respublikasi Sudyalar Kengashi tashabbusi bilan TDTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar Sudyalar Kengashlari rahbarlarining 2-uchrashuvi 2024-yil may oyida Istanbulda bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida tomonlar bu hamkorlik mexanizmini institutsionallashtirish va rivojlantirish uchun asos yaratgan Deklaratsiyani imzoladilar.

Mazkur mexanizm TDTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar Sudyalar Kengashlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali qonun ustuvorligini, xolis va mustaqil sud tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Turkiy Sud-huquq Ta’lim Tarmog‘i doirasidagi hamkorlik

TDTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar 2022-yilda Istanbulda imzolangan Anglashuv Memorandumi asosida Turkiy Sud-huquq Ta’lim Tarmog‘ini (TSHTT) tashkil etdilar. TSHTT — bu a’zo va kuzatuvchi davlatlarda sudyalar, prokurorlar hamda nomzod/yordamchi sudya va prokurorlar uchun ta’lim beruvchi turkiy sud akademiyalari va muassasalari tarmog‘idir.

2023-yil davomida Turkiya Respublikasi Adliya akademiyasi tashabbusi bilan TSHTTning 1- va 2-onlayn yig‘ilishlari, shuningdek, Bursa va Anqara shaharlarida mos ravishda TSHTT doirasida Kiberjinoyatchilik bo‘yicha Qurultoy hamda Turkiy huquq tarixi bo‘yicha Xalqaro Qurultoy tashkil etildi.

2024-yil iyun oyida Boku shahrida TJTN doirasida Turkiy davlatlarda huquqni muhofaza qilish amaliyotida raqamlashtirish va integratsiya masalalariga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Notariuslar ittifoqi doirasidagi hamkorlik

Turkiy dunyo Notariuslar ittifoqini tuzish to‘g‘risidagi Anglashuv Memorandumi 2023-yil oktabr oyida Anqara shahrida imzolangan.

Mazkur Memorandum notariuslik kasbi sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va uni kengaytirishga qaratilgan.


So‘nggi Yangilanish: 18:16:08