TDT va Xalqaro Sport Xavfsizligi Markazi (ICSS) — sportni himoya qilish uchun kuchli xalqaro siyosatlar, strategik islohotlar va yechimlarni ishlab chiqishga intiluvchi notijorat tashkilot — 2015-yil avgust oyida Istanbulda Anglashuv Memorandumini imzoladi.
ICSS va uning yoshlarga oid bo‘linmasi — Save the Dream — Ikkinchi Jahon Ko‘chmanchilar o‘yinlarida ishtirok etdi va ushbu o‘yinlarga bag‘ishlangan targ‘ibot filmini ishlab chiqdi. Film yirik sport platformalari, ijtimoiy tarmoqlar va telekanallarda namoyish etildi, shuningdek, nufuzli jurnallarda chop etilgan maqolalar bilan birga bizning madaniyat va an’analarimizni dunyoga tanitishda muhim rol o‘ynadi. Shu bilan birga, TDT va ICSS 2016-yil oktyabr oyida Istanbulda TDT va UNAOC hamkorligida o‘tkazilgan “Zo‘ravonlik ekstremizmini oldini olishda sportning roli” mavzusidagi xalqaro konferensiyada panel sessiyasini birgalikda tashkil qildi.
Bundan tashqari, TDT 2016-yil aprel oyida sportning pokligi va halolligini himoya qilishga bag‘ishlangan global tashabbus — Sport Halolligi Global Alyansi (SIGA)ning asoschilaridan biri sifatida ushbu tashkilotga qo‘shildi. 2018-yilda bo‘lib o‘tgan SIGA’ning 8-Bosh Assambleyasida Turkiy Kengash Bosh kotibi SIGA Kengashining rais o‘rinbosari etib saylandi. SIGA Kengashi raisi esa, xalqaro miqyosda tan olingan siyosatchi, Italiya Tashqi ishlar vaziri va Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti lavozimlarida faoliyat yuritgan Franko Frattinidir.
Bosh kotib ICSSning Doha shahridagi bosh qarorgohiga ikki bor rasmiy tashrif buyurdi va ikki tashkilot o‘rtasidagi kelgusidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, u Qatar Bosh vaziri, Madaniyat va sport vaziri, Savdo-sanoat palatasi rais o‘rinbosari kabi nufuzli amaldorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.




