Turkiy Davlatlar Tashkiloti

Avval Turk tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turk Kengashi) nomi bilan tanilgan Turk Davlatlari Tashkiloti 2009 yilda hukumatlararo tashkilot sifatida tuzilgan. Uning asosiy maqsadi — Turk davlatlari o‘rtasida keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirishdir. Tashkilotning asoschi a’zolari — Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya bo‘lib, ularga 2019 yil oktyabr oyida Bokuda bo‘lib o‘tgan 7-sammitda O‘zbekiston to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shildi. 2018 yil sentabr oyida Qirg‘iziston Respublikasining Cholpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tgan 6-sammitda Vengriya kuzatuvchi maqomiga ega bo‘ldi. 2021 yil noyabr oyida o‘tgan 8-sammitda Turkmaniston, 2022 yil noyabrda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, 2023 yilda esa Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti (ECO) tashkilotga kuzatuvchi a’zo sifatida qo‘shildi.

Tashkilot Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) nizomi va xalqaro huquqning suveren tenglik, hududiy yaxlitlik, davlatlararo xalqaro e’tirof etilgan chegaralarning daxlsizligi, tinchlik va xavfsizlikni saqlash, shuningdek, yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlarni rivojlantirish kabi umume’tirof etilgan tamoyillariga sodiqdir.

Tashkilot tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, keng qamrovli hamkorlikni ilgari surish va a’zo davlatlar o‘rtasida umumiy taraqqiyot imkoniyatlarini ochib berishga intiladi. Garchi u ma’lum guruh davlatlarni birlashtirsa-da, tashkilot cheklovchi yondashuvga ega emas. Aksincha, Turk tilli mamlakatlar o‘rtasida yanada chuqurroq aloqalar va birdamlikni mustahkamlash orqali Evroosiyo qit’asida, ayniqsa Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi yangi mintaqaviy vosita bo‘lishni maqsad qiladi.

Turk Davlatlari Tashkiloti umumiy tarix, umumiy til, umumiy o‘zlik va umumiy madaniyat kabi to‘rt asosiy ustunga qurilgan bo‘lsa-da, u o‘z faoliyatini faqat shu umumiyliklar bilan cheklamaydi. Aksincha, iqtisodiyot, fan, ta’lim, transport, bojxona, turizm va boshqa ko‘plab sohalarda mavjud ikki tomonlama hamkorlikni ko‘p tomonlama shaklga aylantirish orqali mintaqa manfaatlari yo‘lida harakat qiladi.

Shu bilan birga, Tashkilot o‘z faoliyatini faqat A’zo davlatlar doirasida cheklamaydi, balki mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida qo‘shni davlatlar bilan ayniqsa transport, bojxona va turizm sohalarida ixtiyoriy ravishda hamkorlik qiladi.

Tashkilotning asosiy organlari — Davlat rahbarlari kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Aqsoqollar kengashi, Katta amaldorlar qo‘mitasi va Kotibiyatdan iborat. Tashkilot faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi aloqador va tegishli tashkilotlarga Turk tilli davlatlar parlament assambleyasi (TURKPA), Xalqaro Turk madaniyati tashkiloti (TURKSOY), Xalqaro Turk akademiyasi, Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi, Turk ishbilarmonlar kengashi, Turk universitetlar ittifoqi va Turk savdo-sanoat palatasi kiradi.

2011 yildan beri Tashkilot har yili o‘z sammitlarini ma’lum mavzular ostida o‘tkazadi. Bu sammitlarda A’zo davlatlar rahbarlari o‘tgan davrni baholaydilar va kelgusi yil uchun maqsadlarni belgilaydilar.