2. Iqtisodiy hamkorlik
2. Iqtisodiy hamkorlik

Maqsadlar

Turk Davlatlari Tashkiloti turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikka hamda ularning dunyo bilan iqtisodiy aloqalariga katta ahamiyat beradi. O‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlik, turkiy davlatlar o‘rtasida savdo hajmini oshirish hamda kichik va o‘rta korxonalarni (KOK) rivojlantirish orqali iqtisodiy diversifikatsiyani ta’minlash — Turk hamkorligining mustahkam asosi va asosiy yo‘nalishidir. Kotibiyat, A’zo Davlatlarning Iqtisodiyot vazirliklari va boshqa tegishli muassasalari bilan yaqindan hamkorlikda turli mavzularda muntazam o‘quv va tajriba almashish dasturlarini tashkil qiladi, investorlar/tadbirkorlar uchun texnik tashriflar uyushtirish, Biznes forumlar va Turk Savdo-sanoat palatasi (TSSP) yig‘ilishlari, shuningdek, tadbirkorlar uchun davra suhbatlari orqali A’zo davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


 

Mexanizmlar

TDT tashkil etilgandan buyon iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha jami 13 vazirlik va 15 ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu yig‘ilishlar “Turkiy dunyo nigohi – 2040” va “2022-2026 yillar uchun TDT Strategiyasi” kabi asosiy strategik hujjatlar asosida iqtisodiy hamkorlikni ilgari surishga xizmat qilmoqda.

  • Turkiy Savdo-sanoat palatasi

Turkiy Savdo-sanoat palatasi (TSSP) – TDT doirasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy hamkorlikning asosiy mexanizmlaridan biridir. U Davlat Rahbarlari Kengashi tomonidan a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdoni oshirish uchun barqaror biznes dasturlari va loyihalarini ishlab chiqish vazifasi bilan ta’minlangan. TSSP Nizomi 2019-yil 17-may kuni Ostona Iqtisodiy Forumi doirasida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda a’zo davlatlarning Savdo-sanoat palatalari rahbarlari tomonidan imzolangan. Nizom imzolanishidan so‘ng Istanbulda joylashgan TSSP rasmiy ravishda tashkil etildi. TSSP TDTga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning Savdo-sanoat palatalari va biznes doiralari vakillaridan iborat.

  • Turkiy Investitsiya Jamg‘armasi

Jamg‘armaning boshlang‘ich 500 million AQSh dollari miqdoridagi kapitallari bilan asosiy maqsadi – a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish, ayniqsa kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish orqali tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, innovatsiyalarni kuchaytirish va oxir-oqibatda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga turtki berishdan iborat. Turkiy Investitsiya va Taraqqiyot Jamg‘armasining tashkil etilishi TDTga a’zo davlatlarning iqtisodiy salohiyatini safarbar etishga qodir kuchli moliyaviy vositani taqdim etadi.

TDTning 9-Sammitida, 2022-yil 11-noyabrda Samarqandda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Turk davlatlari rahbarlari Turkiy Investitsiya Jamg‘armasini tuzish to‘g‘risida maxsus qaror qabul qildi va uning prezidentini tayinlashdi. Ushbu Jamg‘armani tashkil etish to‘g‘risidagi Bitim 2023-yil 16-mart kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan TDT Favqulodda Sammitida imzolandi. Ratifikatsiya jarayoni yakunlangach, Bitim 2024-yil 24-fevralda kuchga kirdi. Jamg‘arma Boshqaruvchilar Kengashining birinchi yig‘ilishi 2024-yil 18-may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tdi. Turkiy Investitsiya Jamg‘armasining ishga tushirilishi turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik va sohaviy integratsiyaga erishishda tarixiy burilish bo‘ldi.

  • Savdoni yengillashtirish qo‘mitasi

TDTning 9-Sammitida, 2022-yil 11-noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Turk davlatlari rahbarlari TDT Savdoni Yengillashtirish Strategiyasini qabul qilishdi. Ushbu hujjat asosida Savdoni Yengillashtirish Qo‘mitasi (SYQ) tashkil etildi. SYQ Strategiyada belgilangan maqsadlarni amalga oshirish — savdo jarayonlarini soddalashtirish, to‘siqlarni kamaytirish va turkiy davlatlar o‘rtasida savdoga qulay muhit yaratish vazifasini bajaradi. Hozirda SYQ Strategiyani amalga oshirish bo‘yicha batafsil ish rejasini ishlab chiqish ustida ishlamoqda.


 

Tuzilma Asoslari

TDT doirasidagi iqtisodiy hamkorlikning huquqiy asoslari quyidagi muhim hujjatlarga tayanadi:

  • 2011-yil 21-oktabrda Qozogʻistonning Olmaota shahrida imzolangan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining Birinchi sammiti bayonoti;
  • 2019-yil 17-mayda Ostona shahrida imzolangan Turkiy Savdo-sanoat palatalari ittifoqi (TSSP) nizomi;
  • 2022-yil 11-noyabrda Samarqandda imzolangan TDT Davlat rahbarlari kengashining “Turkiy Investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori;
  • 2023-yil 16-mart kuni Anqarada imzolangan “Turkiy Investitsiya Jamgʻarmasini Tashkil Etish Toʻgʻrisidagi Bitim”;
  • 2022-yil 11-noyabr kuni Samarqandda qabul qilingan “Turkiy Davlatlar Tashkilotining Savdoni Yengillashtirish Strategiyasi”;
  • 2022-yil 11-noyabrda Samarqandda qabul qilingan “Qozogʻiston Respublikasi Turkiston viloyatida Turon – Maxsus maqomga ega maxsus iqtisodiy hududni tashkil etish tashabbusi”;
  • 2021-yil 10-sentabrda Ozarbayjonning Boku shahrida imzolangan “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo davlatlar hukumat organlari oʻrtasida turli turdagi iqtisodiy zonalar sohasida axborot va tajriba almashish boʻyicha Anglashuv Memorandumi”;
  • 2023-yil 3-noyabrda Ostona shahrida qabul qilingan “TDTga a’zo davlatlarning metrologiya sohasidagi tegishli tashkilotlari oʻrtasidagi Hamkorlik Protokoli”.

 

Loyihalar

Turkiy hamkorlikning mustahkam asosi bo‘lgan iqtisodiy hamkorlik doirasida TDT a’zo davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan bir nechta amaliy loyihalar ustida ish olib bormoqda.

2024-yil 24-fevral kuni kuchga kirgan "Turkiy Investitsiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida bitim" hamda 2019-yil 17-may kuni Ostona shahrida TDT a’zo davlatlar Savdo-sanoat palatalari rahbarlari tomonidan imzolangan "Turkiy Savdo-sanoat palatasi (TSSP) Nizomi" TDT doirasida barqaror mexanizmlar sifatida faoliyat yuritishni boshlagan.

  • Raqamli Iqtisodiyot Hamkorligi Bitimi

2021-yil 9-sentyabrda Bokuda bo‘lib o‘tgan TDTning Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Ishchi guruhining 12-yig‘ilishida a’zo davlatlar elektron tijoratning ahamiyatini e’tirof etgan holda TDT doirasida raqamli savdo bo‘yicha ko‘p tomonlama bitim tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar. Shu munosabat bilan Turkiya Respublikasi Savdo vazirligi "Raqamli Iqtisodiyot Hamkorligi Bitimi" (RIHB) loyihasini tayyorlab, TDTga a’zo davlatlarga taqdim etdi.

TDTning Istanbul (2021), Samarqand (2022) va Ostona (2023) sammitlarida a’zo va kuzatuvchi davlatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirish uchun raqamli iqtisodiyot, xususan elektron tijorat va to‘rtinchi sanoat inqilobi kabi yangi savdo vositalarini joriy etish zarurligi ta’kidlandi. RIHB 2024-yil noyabr oyida Bishkekda bo‘lib o‘tgan 11-sammit davomida imzolangan.

  • TURANSEZ

2021-yil 12-noyabr kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan TDTning 8-sammitida Qozog‘iston Prezidenti Turkiston viloyatida tashkil etilishi rejalashtirilgan "TURANSEZ" maxsus iqtisodiy zonasi loyihasida ishtirok etishga turkiy davlatlarni taklif qildi. 2022-yil 30-31-may kunlari Kotibiyat tomonidan Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston vakillaridan iborat Ishchi guruh Turkistonga tashrif buyurib, zonaning salohiyati bilan tanishdi. 2022-yil 11-noyabrda Samarqandda bo‘lib o‘tgan 9-sammitda Prezidentlar "Turkiston viloyatida maxsus maqomga ega TURANSEZ zonasi tashkil etish tashabbusi"ni ma’qulladi. Konseptual hujjatlar bo‘yicha muzokaralar 2023-yil 8-fevralda yakunlandi. Yaqin orada TURANSEZning ochilish marosimi kutilmoqda.

  •  “Turkiy yashil moliya kengashi”

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo'mart To'qayev 2021-yil 12-noyabr kuni Istanbulda “Raqamli davrda yashil texnologiyalar va aqlli shaharlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan TDT Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida yashil texnologiyalar bilan bog‘liq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yashil kapital bozorini rivojlantirish muhimligini ta’kidlagan edi. Mana shu g‘oyaga muvofiq, Samarqandda bo‘lib o‘tgan TDT sammitida Prezident To‘qayev yashil iqtisodiyotda kapital bozorlarini rivojlantirish maqsadida “Turkiy yashil moliya kengashini” (TYMK) tashkil etish tashabbusini ham ilgari surdi. Shu tashabbuslardan kelib chiqqan holda,  2024-yil 6-noyabr kuni Bishkek sammiti doirasida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar tomonidan Turkiy yashil moliya kengashini tashkil etish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

  • Turkiy Savdo Hamkorligi Ilmiy Tadqiqot Markazi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 12-noyabrda Istanbulda bo‘lib o‘tgan 8-sammitda TDT huzurida Savdo hamkorligi ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etishni taklif etdi. Markaz savdo to‘siqlarini bartaraf etish, elektron tijoratni keng joriy etish va eksport-import hajmini oshirishga qaratilgan aniq takliflar va harakatlar rejasini ishlab chiqishni maqsad qilgan. Markazni tashkil etish kontseptsiyasi yakunlanib, TDTning Iqtisodiyot va savdo vazirlari 12-yig‘ilishida tasdiqlandi.

  • Markaziy (milliy) banklar kengashi

2024-yilning noyabr oyida Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan 11-sammitda “Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning Markaziy (milliy) banklari kengashini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi” imzolangan edi. Kengash MDHga a’zo davlatlarning markaziy (milliy) banklari o‘rtasida samarali hamkorlikni mustahkamlash, hamkorlikda to‘lov siyosati, moliyaviy tarmoq barqarorligi va boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish, to‘lov tizimi barqarorligi, moliyaviy texnologiyalar va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Kengashning ochilish marosimi, 2025-yil 27-may kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida  muvaffaqiyatli bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilish, TDTga a’zo davlatlar o‘rtasida moliyaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ldi.
 

  • TurkIPAnet platformasi

2025-yil 12-iyun kuni Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) aʼzo davlatlarning investitsiyalarni ragʻbatlantirish agentliklari rahbarlari IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida hamkorlikni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va turkiy dunyoning global raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan yuqori darajadagi yigʻilish oʻtkazdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi, unda TDT sarmoya rag‘batlantirish agentliklari rahbarlari Turkiy dunyoda sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar. Uchrashuv ishtirokchilariga yangi TurkIPANet platformasi ham tanishtirildi.

Yig‘ilish yakunida, TDT tarkibida Turkiy investitsiyalarni ilgari surish tarmog‘ini (TurkIPAnet) rasman tashkil etuvchi “Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning investitsiyalarni ilgari surish agentliklari o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risida anglashuv memorandumi” imzolandi.

  • TDT Moliyaviy razvedka bo'linmalari (MRB) o'rtasidagi hamkorlik

2024-yilning 9-oktabr kuni Ozarbayjonning Shusha shahrida TDT Moliyaviy razvedka bo'linmalarining 1-Xalqaro forumi boʻlib oʻtdi va bu sohada hamkorlikning boshlanishini belgilab berdi. 2025-yilning 26-iyun kuni Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida MBRlarning 2-xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. 2-forum doirasida MRB rahbarlarining 1-yig‘ilishi bu boradagi munosabatlarni rasmiylashtirdi.

1-yig‘ilishning muhim yakuni sifatida moliyaviy razvedka, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish va terrorizmni moliyalashtirishning oldini olish sohasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha majburiyatlarni tasdiqlovchi qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Deklaratsiyada axborot almashishni rag'batlantirish, qo'shma o'qitish va salohiyatni oshirish dasturlarini ishlab chiqish, TDTga a'zo davlatlar o'rtasida tadqiqot va axborot almashishni qo'llab-quvvatlash fikri ta'kidlangan.

 


So‘nggi Yangilanish: 12:43:18